This isn't an official website of the European Union

O'zbekiston: Adliya va ichki ishlar, inson huquqlari va u bilan bog'liq masalalar bo'yicha quyi qo'mitasi

22.06.2023 EEAS Press Team

20 iyun kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya va ichki ishlar, inson huquqlari va u bilan bog'liq masalalar bo‘yicha quyi qo‘mitasining 19-yig‘ilishi Bryusselda bo'lib o'tdi.

Quyi qo‘mita 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendumdan so‘ng O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahriri muhokama qildi. Xususan, ishtirokchilar yangi konstitutsiyaning O‘zbekistonni isloh qilish dasturiga ta’siri va uning yangi qoidalari kelgusida qanday amalga oshirilishini ko‘rib chiqdilar. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni islohotlar dasturiga erishish yo‘lida qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi. Iyul oyida boʻlib oʻtadigan prezident saylovi oldidan Yevropa Ittifoqi YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) tomonidan oʻtgan prezident saylovi (2021-yil dekabr) va aprel oyida boʻlib oʻtgan referendum chogʻida oʻzining saylovni kuzatish missiyalari natijasida berilgan barcha tavsiyalarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Tomonlar demokratik jamiyatda mustaqil fuqarolik jamiyati va erkin ommaviy axborot vositalarining muhim roli va bularning samarali boshqaruv va korruptsiyaga qarshi kurashga qo'shadigan hissasini muhokama qildilar. Yevropa Ittifoqi tomoni chet eldan mablagʻ oluvchi NNTlar ustidan hukumat nazoratini kuchaytirish rejalari yuzasidan xavotir bildirdi, shuningdek, Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini amalga oshirishda taʼqiblarga uchragan jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati faollari, jumladan, hibsga va qamoqqa olish holatlarini koʻtardi. O‘zbekiston ham Yevropada yig‘ilishlar erkinligi va so‘z erkinligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardi. Ishtirokchilar 2022 yil iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar va ularning oqibatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, qiynoqlarga barham berish va jazoni ijro etish tizimini isloh qilish, diniy e'tiqod erkinligi, gender muammolari, kamsitishlarga yo'l qo'ymaslik va mehnat huquqlarini muhokama qilishdi.

Zo‘ravon ekstremizm va radikallashuv, terrorizmga qarshi kurash, migratsiya va chegaralarni boshqarish, noqonuniy giyohvand moddalarga qarshi kurash kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Yevropa Ittifoqining BOMCA (Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga yordam dasturi), CADAP (Markaziy Osiyoda narkotik moddalarini oldini olish dasturi) va LEICA (Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish faoliyati) kabi hamkorlik va muloqot dasturlari ushbu siyosat sohalarida hamkorlik va qoʻllab-quvvatlash uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Ushbu quyi qo'mita yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish jarayonida Yevropa Ittifoqi mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar, hamda, boshqa xalqaro hamkorlar vakillari bilan uchrashdi.

Yig‘ilishni Yevropa tashqi harakatlar xizmati Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i janob Ditmar Krissler va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov hamraislik qildi.

Peter Stano
Lead Spokesperson for Foreign Affairs and Security Policy
+32 (0)460 75 45 53