This isn't an official website of the European Union

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi 10 yil avval Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida ochilgan Zilzila simulyatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

"Zilzila simulyatsiyasi markaziga mazkur tashrif, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va hamkorlikning muhimligini ta’kidlaydi. Yevropa Ittifoqi ushbu dunyo miqyosidagi markazni yaratishni qo‘llab-quvvatlaganidan faxrlanadi, bu esa Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yana bir muhim jihatini tashkil etadi." - Toyvo Klaar, Yevropa Ittifoqining Ozbekistondagi elchisi

15 yanvar 2025 yil,

Toshkent, O‘zbekiston. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi vakillari Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar Janobi Oliylari rahbarligida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Fuqarolik muhofazasi instituti hududida joylashgan Zilzila simulyatsiyasi markazida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha xavfsizlik mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi.

Mazkur trening yong‘in, zilzila va boshqa favqulodda holatlarga tayyorgarlikni oshirish uchun ishtirokchilarga amaliy tajriba va zaruriy bilimlarni taqdim etdi.

Zilzila simulyatsiyasi markazi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2015 yilda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilgan tabiiy ofatlarni boshqarish qobiliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma loyiha doirasida rasman ochilgan. Ushbu markaz dunyoda Yaponiyadan keyingi eng yirik kompleks hisoblanadi. Markaz 10 ta maxsus xonaga ega bo‘lib, ularga zilzila muzeyi, birinchi yordam bo‘yicha o‘quv xonalari, qutqaruvchilar uchun psixologik yordam xonasi va turli magnitudadagi zilzilalarni taqlid qiluvchi simulyator kiradi.

Trening davomida Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi xodimlari favqulodda vaziyatlarda o‘zini boshqarish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mashg‘ulotlarda qatnashdi:

  • Bilimlarni baholash va muzeyga ekskursiya: Tadbir xodimlar bilimlarini test orqali baholash bilan boshlandi va zilzila muzeyiga sayohat bilan davom etdi. Muzeyda seysmik faoliyat tarixi va ilmiy ma’lumotlari haqida xabar berildi xususan, 1966 yil 26 aprelda sodir bo‘lgan Toshkent zilzilasiga alohida e’tibor qaratildi.
  • “112” favqulodda aloqa platformasi: Ishtirokchilar sinov rejimidagi yagona favqulodda chaqiruv platformasi bilan tanishishdi.
  • Amaliy mashg‘ulotlar va VR simulyatsiyalar: Yong‘in xavfsizligi, tutun sharoitida o‘zini tutish qoidalari, birinchi yordam amaliyoti va tabiiy hamda inson sababli yuzaga keladigan ofatlar o‘rtasidagi farqlar bo‘yicha ma'lumotlar berildi. VR ko‘zoynaklari orqali Orol dengizining qurishi kabi inson sababli yuzaga kelgan ekologik ofat yaqqol tasvirlandi.
  • Yong‘in o‘chirish amaliyoti: Ishtirokchilar uchun binodan tashqarida haqiqiy yong‘inni o‘chirish bo‘yicha amaliy mashqulot o‘tkazildi.
  • Zilzila simulyatori: Kunning eng qiziq qismi turli magnitudadagi zilzilalarni taqlid qiluvchi simulyatordagi mashg‘ulot bo‘lib, ishtirokchilar zilzila dinamikasi va unga samarali javob berish strategiyalarini amalda o‘rganishdi.

Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi Fuqarolik muhofazasi Instituti va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ularning hamkorligi va tajribasi uchun chuqur minnatdorlik bildiradi. Ushbu trening Yevropa Ittifoqining o‘z xodimlari xavfsizligi va tayyorgarligini ta'minlashga bo‘lgan sodiqligini hamda favqulodda vaziyatlarga javob berishda barqarorlik va hamkorlik madaniyatini rivojlantirishga intilishini namoyish etadi.