Yevropa Ittifoqi va FAO O‘zbekistonning pestitsid tahlili bo‘yicha laboratoriya salohiyatini mustahkamlaydi

O‘zbekiston bo‘ylab davlat va xususiy laboratoriyalar vakillarini jamlagan milliy seminar laboratoriya infratuzilmasi, jihozlarni modernizatsiya qilish, xodimlarni tayyorlash va idoralararo hamkorlik kabi muhim muammolarni muhokama qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi, O‘simliklarni himoya qilish va karantin agentligi hamda boshqa muhim tashkilotlarning vakillari jamoat salomatligi va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash uchun laboratoriya tahlil salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etdilar.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan FAOning O‘zbekiston laboratoriya tarmog‘iga oid bazaviy baholash natijalariga ko‘ra, laboratoriyalar samaradorligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi borasida muhim operatsion va strategik muammolar mavjud. FAO loyihasining katta texnik maslahatchisi Stiven Robinson shunday dedi: “O‘zbekiston pestitsidlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha muhim bosqichda turibdi. Mustahkam asosga ega institutlarga investitsiya kiritish va oziq-ovqat xavfsizligi hamda pestitsid qoldiqlari bo‘yicha maxsus salohiyatni rivojlantirish orqali biz tartibga soluvchi ehtiyojlar va qishloq xo‘jaligi taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlaydigan mukammallik markazlarini yaratishimiz mumkin.”
Seminarda O‘zbekiston laboratoriya tarmog‘ini ISO/IEC 17025:2017 kabi xalqaro akkreditatsiya standartlariga muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Xalqaro akkreditatsiya bo‘yicha ekspert Upali Samarajiva shunday dedi: “Haqiqiy akkreditatsiya nafaqat zamonaviy uskunalarni, balki tasdiqlangan sinov usullari va qat’iy sifat nazoratiga ega bo‘lgan to‘liq integratsiyalangan sifatni boshqarish tizimini ham talab qiladi. Xalqaro laboratoriya standartlarini joriy etish jamoat salomatligini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi eksportini qo‘llab-quvvatlash va ekologik xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omilidir.”
O‘zbekiston hukumat, akademik va xususiy sektorlardagi maxsus laboratoriyalar tarmog‘iga ega bo‘lishiga qaramay, ko‘plab laboratoriyalar xalqaro akkreditatsiyaga erishishda moliyaviy va operatsion cheklovlarga duch kelmoqda. Baholash natijalari shuni ko‘rsatdiki, laboratoriyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur, bu esa sohadagi umumiy rivojlanish uchun raqobatdan ko‘ra hamkorlikni afzal ko‘rishga asoslanishi lozim.
Loyiha milliy koordinatori Elmurod Nazarov shunday dedi: “Samarali pestitsid boshqaruvi tartibga soluvchi organlarning uzluksiz hamkorligini talab qiladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat qilinadigan chiqindilarni boshqarish dasturlaridan tortib, sog‘liqni saqlash, ekologiya va qishloq xo‘jaligi institutlari tomonidan maxsus monitoringgacha bo‘lgan jarayonlar o‘zaro uyg‘unlashishi kerak. Ushbu bog‘liqliklarni mustahkamlash orqali biz atrof-muhit va jamoat salomatligini himoya qilish bo‘yicha yanada integratsiyalashgan va samarali tizim yaratamiz.”
Seminarda, shuningdek, eskirgan sanitariya normalaridan “Maqbul laboratoriya amaliyoti” (“Good Laboratory Practice”) va “5 Batch Analysis” (sifat nazorati va tarkibiy tahlil bo’lib, pestitsidlarning 5 ta partiyasini alohida-alohida tahlil qilishni nazarda tutadi) standartlari kabi xalqaro tan olingan metodologiyalarga o‘tish jarayoni muhokama qilindi. Ishtirokchilar laboratoriya faoliyatining barqaror biznes modellari, operatsion xarajatlarni qoplash, xodimlarni rag‘batlantirish va infratuzilmani yaxshilash masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.
FAO tomonidan o‘tkazilgan texnik baholash va Xalqaro Savdo Markazi (ITC) tomonidan olib borilgan laboratoriya akkreditatsiyasi bo‘yicha ishlar ushbu tashabbusni shakllantirishga asos bo‘ldi. Tadbir Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida maxsus analitik nazorat markazi laboratoriyasiga tashrif bilan yakunlandi.
Mazkur Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan tashabbus Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga kimyoviy xavfsizlik, ekologik muhofaza va institutsional tizimlarni mustahkamlash orqali qo‘shayotgan hissasini yana bir bor tasdiqlaydi.