Yevropa Ittifoqi Orol dengizining suvi qurigan tubida 27 ming tup daraxt ekishni yakunladi
12 dekabr, Toshkent, Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi Orol dengizining suvi qurigan tubiga Yevropa Ittifoqining 27 ta a’zo davlatlaridan Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqiga sovgʻa sifatida 27 ming tup daraxt ekdi. Ushbu tashabbus Oʻzbekiston hukumatining Orolqum choʻli va Qoraqalpogʻistondagi qoʻshni aholi punktlarini oʻrmonga aylantirishga harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Orol dengizi halokati mintaqada yashovchi millionlab odamlarning hayotiga ta’sir koʻrsatdi. Yerlarning degradatsiyasi, ichimlik suvi tanqisligi, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi natijasida mahalliy aholining salomatligi va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yomonlashdi.
Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda tabiiy ofat hududini tiklashga qaratilgan qator tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. 2020-yildan beri Yevropa Ittifoqi BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasiga toza ichimlik suvi ta’minoti, barqaror biznes loyihalarni rivojlantirish, dengiz tubini va bioxilma-xillikni ilmiy tadqiq etish dasturlari, tibbiyot muassasalarini yangilash va jihozlashni moliyalashtirish uchun 5 million yevrodan ortiq mablagʻ ajratdi.
2022-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi, unga aʼzo davlatlar va Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalarining 30 dan ortiq vakillari Qoraqalpogʻistonga oʻquv-tanishuv safarida ishtirok etdilar va BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasining mahalliy loyihalari hududlariga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif doirasida Yevropa Ittifoqi ham mintaqani oʻrmonzorlarga koʻpaytirishga hissa qoʻshdi va Yevropa Ittifoqi elchilari Moʻynoq va “Kemalar qabristoni”ga koʻchatlarning birinchi partiyasini ekishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi (IICAS) hukumatning “Orol dengizidagi bogʻim” loyihasi doirasida koʻchat ekish ishlarini oʻz zimmasiga oldi va yakunladi.
“Sogʻligʻimiz va farovonligimiz uchun tabiatga qanchalik bogʻliqligimiz har qachongidan ham ayon. Orol dengizi inqirozi bizning sayyoramiz uchun hozir qanchalik zudlik bilan harakat qilishimiz zarurligining yorqin misolidir. COP27 va COP15da iqlimni xalqaro moliyalashtirish boʻyicha dunyodagi yetakchi hissa qoʻshuvchi sifatida Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar yordamga eng muhtoj mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash va mahalliy hamda butun dunyo boʻylab harakatlarni tezlashtirish ma’suliyatini yana bir bor tasdiqladilar. Biz Oʻzbekistondagi hamkorlarimiz bilan Orolboʻyida atrof-muhit degradatsiyasini kamaytirish va barqaror hayotni tiklash boʻyicha birga ishlashda davom ettiramiz”, dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian Xonim.
Ekilgan daraxt turlari ichida mintaqaning iqlim sharoitiga mos keladigan saksovul va qandim choʻl daraxtlari, shuningdek, katalpa, tut, kul daraxt, qaragʻay, yapon soforasi kabi manzarali daraxtlar mavjud.
Ma’lumot uchun: Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratadi va buni 2019-yil 17-iyunda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi qabul qilinganligi tasdiqlaydi. 2019-yil 11-noyabrda Oʻzbekiston delegatsiyasining Bryusselga tashrifi chogʻida Yevropa Ittifoqi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasiga (MPHSTF) hissa qoʻshish toʻgʻrisida Moliyaviy bitim imzolandi. 2020-yil fevral oyida Yevropa Ittifoqi va BMT MPHSTF idorasi oʻrtasida hissa toʻlash toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Yevropa Ittifoqining hissasi aholi salomatligini mustahkamlash, atrof-muhit degradatsiyasini kamaytirish va Orol dengizi halokatidan jabrlangan yordamga muhtoj aholining chidamliligini oshirishga qaratilgan.
Qoʻshimcha ma’lumot uchun Ozbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi el-manzil: [email protected] yoki kampaniya menejeri Nurgul Smagulova-Dulich xonim bilan bogʻlaning, el-manzil: [email protected].