Xalqaro inson huquqlari kuni: O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini ro‘yxatga olish, faoliyati va moliyalashtirish
11 dekabr 2024 yil, Toshkent, O‘zbekiston. Bugun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, AQSh elchixonasi, Buyuk Britaniya elchixonasi va Shveytsariya elchixonasi bilan hamkorlikda Xalqaro inson huquqlari kunini nishonladi va shu munosabat bilan “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini ro‘yxatga olish, faoliyati va moliyalashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonning turli davlat muassasalari vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, diplomatik hamjamiyat a’zolari, xalqaro ekspertlar, huquqshunoslar, jurnalistlar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar o‘zining kirish so‘zlarida ta’kidladi:
“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligimizni yuqori qadrlaydi. Ularni hamkorlik dasturlarimizda bebaho sheriklar, shuningdek, siyosatimizni takomillashtirishda muhim yordamchilar deb hisoblaymiz”.
Har yili 10 dekabr kuni dunyo bo‘ylab Xalqaro inson huquqlari kuni nishonlanadi. Yevropa Ittifoqi umumbashariy Inson huquqlari deklaratsiyasining qabul qilinganligini xotirlash va inson huquqlarini global darajada ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlash uchun hamkorlar bilan birlashadi.
Davra suhbati ishtirokchilari fuqarolik jamiyati tashkilotlarшni ro‘yxatga olish, ularning faoliyati va moliyalashtirish holati yuzasidan fikr almashish, mavjud tendensiyalar, to‘siqlar va istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Yevropa Ittifoqi tomoni fuqarolik jamiyatining islohot jarayonida, shuningdek, GSP+ doirasidagi majburiyatlarni bajarishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi va nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha adolatli, shaffof va soddalashtirilgan tizimni ishlab chiqish uchun o‘z ekspertizasini taklif qildi.
Yevropa Ittifoqi — bu 27 ta Yevropa davlatini birlashtiruvchi iqtisodiy va siyosiy ittifoqdir. Uning asosida inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan, ozchilikka mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish kabi qadriyatlar yotadi. Yevropa Ittifoqi global miqyosda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlab, jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.