Toshkent Butunjahon avtomobilsiz harakatlanish kunini yangi devoriy surat va velosport tadbiri bilan nishonlamoqda
2022-yil 22-sentabr, Toshkent – Bugun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Butunjahon avtomobilsiz harakatlanish kunini Toshkentda ijtimoiy san’atning yangi yirik asari bo‘lgan “Barqaror harakatlanish murali” taqdimoti bilan nishonlamoqda. Taqdimot Yevropa harakatlanish haftasi doirasida tashkil etilgan mobillik bo‘yicha bir qator tadbirlardan biri bo‘lib, u shaharda barqaror harakatlanish va yaxshiroq shahar muhiti yo‘lida sog‘lom turmush tarzini olib borishga qaratilgan. Yevropa harakatlanish haftaligi O‘zbekistonda to‘rtinchi marotaba o‘tkazilmoqda.
“Barqaror harakatlanish murali” Toshkent shahrining tez rivojlanayotgan Yangihayot va Sergeli tumanlari chegarasidagi “4-Bekat” metro bekati qarshisida joylashgan to‘qqiz qavatli turar-joy binosining bir tomoniga chizilgan. Ushbu taassurotli devoriy surat yanada barqaror, faol va sog‘lom Toshkent haqida badiiy tasavvurni taqdim etib Yevropa harakatlanish haftasining asosiy g‘oyasini o‘zida aks ettiradi. Mural “Autograph Art Gallery” sanʼat galereyasi tomonidan tashkil qilingan va o‘zbekistonlik yosh rassomlar guruhi bo‘lgan “Brushers” ijodiy jamoasi tomonidan chizilgan.
“Bu yil Yevropa harakatlanish haftasi O‘zbekistondagi hamkorlar va ishtirokchilar tomonidan yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda, shu sabab biz mobillik bo‘yicha tadbirlar sonini oshirdik. Hamkorlar bilan birgalikda shaharda barqaror harakatlanishga rag‘batlantiradigan yirik jamoat san’at asari ishlab chiqilgani va tashabbus amalga oshirilganidan xursandmiz. Umid qilamanki, bu ajoyib mural toshkentliklarni kundalik hayotlarida imkon qadar yashil transport yechimlaridan foydalanishga undaydi”. Sharlotta Adrian xonim, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.
“Barqaror shahar harakatlanish haqidagi xabarni yetkazuvchi ushbu jonli mural yangi tashkil etilgan Yangihayot tumanimizga ajoyib qo‘shimcha bo‘ldi. Bizning hokimligimiz Yangihayotni yanada yashil va yashash uchun qulay joyga aylantirish uchun aholimizning mahalliy barqaror harakatlanishni yaxshilash ustida ishlamoqda”. Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov.
“Ushbu loyihada biz faol hayot tarzi muhimligini va shahar sharoitida yashovchilar uchun yanada ekologik hayot tarzini qabul qilish dolzarbligini ta’kidlamoqchimiz. Yorqin, yam-yashil ranglar, grafik stilizatsiya va aniq, taniqli ramzlar to‘plami bizning Yevropa harakatlanish haftasiga bag‘ishlangan muralimizni ajratib turadi”. “Brushers” rassomlar jamoasi a’zolari — Anvar Xakimbekov, Nodir Azlarxodjaev, Andrey Juravlyov va Danil Kudryavtsev.
Bugun devoriy surat taqdimotidan so‘ng, yana bir muhim mobillik bo‘yicha tadbir ham bo‘lib o‘tadi. Yevropa harakatlanish haftasining ko‘p yillik hamkori bo‘lgan O‘zbekiston velosipedchilar hamjamiyati Sergeli tumani hokimligi ko‘magida “Velosipedda avtomobilsiz kun” tadbirini tashkil etmoqda. Velo-yo‘nalish “Yangi Sergeli” istirohat bog‘idan boshlanib, Shokirariq ko‘chasidan o‘tib, Mirzo Tursunzoda ko‘chasiga burilib, yangi muralgacha masofani qamrab oladi. Velopoyga ishtirokchilari marraga yetib kelish uchun, xuddi shu yo‘nalish bo‘ylab “Yangi Sergeli” istirohat bog‘iga qaytadilar. Velopoyga davomida ushbu yo‘nalish avtomobillar uchun qisman yopiladi.
“Velosipedchilarni, barcha mehmonlarni va tashrif buyurganlarni Sergeli tumanida, ayniqsa, yangilangan istirohat bog‘ida kutib olishdan mamnunmiz. Umid qilamanki, ushbu tadbir aholimizning e’tiborini velosipeddan foydalanishga va boshqa ekologik toza harakatlanish usullariga qaratadi. Tumanimiz O‘zbekistondagi Yevropa harakatlanish haftasining hamkori bo‘lgani juda ajoyib”. Toshkent shahar Sergeli tumani hokimi janob Elbek Shukurov.
Yevropa harakatlanish haftasi uchun mobillik tadbirlari 25 sentabrgacha davom etadi. Shu kunlari Yoshlar ishlari agentligi “Mahallalar Yevropa harakatlanish haftasi tarafdori” tadbirini o‘tkazadi, “Tashkent Runners” klubi a’zolari esa “Shaharlar atrof-muhitini yaxshilash uchun plogging” tadbirida ishtirok etib, Toshkent vilolyatida yugurish chog‘ida chiqindilarni ham yig‘ishtirishadi.
Umumiy ma’lumot
O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftasi Yevropa Komissiyasining tashabbusi bilan har yili 50 dan ortiq mamlakatlarda o‘tkaziladigan global kampaniyaning bir qismidir. 2019, 2020 va 2021-yillarda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Yevropa harakatlanish haftaliklaridan so‘ng bu yilgi kampaniya O‘zbekistonda to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda.
Havoning CO2 va issiqxona gazlari chiqindilari bilan ifloslanishi ekologik muammolar va iqlim oʻzgarishining asosiy sabablaridan biridir. Parij kelishuviga qo‘shilish va 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish majburiyatini olgan holda O‘zbekiston allaqachon iqlim o‘zgarishi va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish yo‘liga o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Yevropa Harakatlanish Haftasi xabarini targʻib qilishga qo‘shildi. Ushbu tushunchani yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda Yevropa harakatlanish haftasini har yili milliy ahamiyatga ega bo‘lgan kampaniya sifatida e’tirof etdi.
Yevropa harakatlanish haftasi, shuningdek, iqlim va atrof-muhit muammolarini hal qilishga qaratilgan Yevropa Ittifoqining iqlim diplomatiyasining bir qismidir. 2022-yilda asosiy e’tibor energiyani tejash, energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadallashtirishga qaratilgan bo‘lib, joriy energetika inqirozini hal qilish, yashil iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish va energiya xavfsizligi darajasini ko‘tarish eng samarali usullari hisoblanadi.
Global Yevropa harakatlanish haftasi kampaniyasi haqida batafsil ma’lumotni https://mobilityweek.eu/ saytida topishingiz mumkin. Oʻzbekistondagi oldingi YeHH kampaniyalar haqida umumiy ma’lumot https://www.facebook.com/EuropeanMobilityWeekUz sahifasida mavjud.