This isn't an official website of the European Union

O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar berishni rivojlantirish va xabar beruvchilarni himoya qilish

 

15 noyabr 2024 yil – O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Koreya Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi (ACRC) va BMTning Seuldagi siyosat markazi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari, ekspertlar, faollar va ommaviy axborot vositalari uchun korrupsiya haqida xabar berishning ta’sirini baholash natijalari va xabar beruvchilarni himoya qilish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etish uchun tadbir o‘tkazdi. Bu tadbirda korrupsiya haqida xabar berishni rivojlantirish va fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

O‘zbekistonning 14 hududida o‘tkazilgan so‘rovnoma fuqarolarning korrupsiya haqida xabar berish bo‘yicha qarashlarini o‘rgandi. So‘rovda 500 dan ortiq respondent, 10 ta vazirlik va idoralar hamda 20 dan ortiq anonim xodimlar ishtirok etdi. Natijalar muhim muammolarni ochib berdi: respondentlarning 74 foizi korrupsiya haqida xabar berishga tayyor bo‘lsa-da, 82,2 foizi elektron platformalar yoki ilovalar orqali murojaat qilishni afzal ko‘radi Bunda hamon muammolar mavjud bo‘lib, jumladan korrupsiyada shaxsiy manfaatdorlik (19,8%), qayerga murojaat qilishni bilmaslik (20,4%) kabilarni bunga misol qilish mumkin. Madaniy qarashlar ham muhim omil bo‘lib, 13,8% respondent sovg‘a berishni minnatdorlik belgisi deb hisoblaydi, 7,4 foizi esa buni korrupsiya deb bilmaydi. Ushbu natijalar jamoatchilik ongini oshirish, xabar berish vositalarini qulayroq qilish va korrupsiyaga aniqroq ta’rif berish zaruratini ko‘rsatadi. Bu esa samaraliroq korrupsiyaga qarshi tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.

Mazkur natijalar Koreya Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi (ACRC) tomonidan ishlab chiqilgan “Korea’s Clean Portal” portali asosidagi markazlashtirilgan elektron xabar berish tizimini yaratish hamda “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini tayyorlashga zamin yaratdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan, Yevropa Ittifoqi hamda BMTTD ko‘magida xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Istanbul harakatlar rejasi tavsiyalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy va Latviya kabi davlatlar tajribasi bilan muvofiqlashtiradi.

Qonun loyihasidan tashqari, tadbirda qonunbuzarliklar haqida xabar beruvchilarni himoya qilish sohasidagi xalqaro eng yaxshi tajribalar taqdim etildi. “Transparency International” tashkilotidan Mari Terrakol (Marie Terracol) xonim Yevropa Ittifoqining Xabar beruvchilar bo‘yicha direktivasi haqida so‘zlab berdi. Ushbu direktiva xabar beruvchining maxfiyligini kafolatlashi barobarida, qonunbuzarliklar haqida xabar berish uchun bir nechta kanallarni taklif etadi va xabar berish mexanizmlariga ishonchni oshirish uchun zarur choralarni belgilaydi. Germaniya Ichki ishlar vazirligining yetakchi inspektori Zorgas Ingo Germaniyadagi Xabar beruvchilarni himoya qilish qonuni haqida ma’lumot berdi. Ushbu qonun turli huquqbuzarliklarni qamrab oladi va anonim hamda ochiq murojaatlarni qabul qilish imkonini beradi.

Ushbu uchrashuv davomida ilgari surilgan tashabbuslar BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi hamda Koreya Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasining (ACRC) va BMTning Seuldagi siyosat markazi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikdagi ”O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida xabar berishning samarali mexanizmini “Korea’s Clean Portal” portali bilan solishtirgan holda tashkil qilish” (BRM doirasida Shaffoflik va hisobdorlik bo‘yicha hamkorlik) loyihalari doirasida alamlga oshirilmoqda.