Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va Chorvachilikni Rivojlantirish Davlat Qoʻmitasi Fransiya Taraqqiyot Agentligi va Yevropa Ittifoqi ko‘magida “Tabiiy resurslar va chorvachilik” mavzusida Xalqaro forum oʻtkazdi.
Forum ishtirokchilari chorvachilikdagi ilg‘or tajribalar, energiya samaradorligi, hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlari hamda chorvachilik sohasidagi investitsiya muhiti masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, forum doirasida “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilikni yuritishning ilg‘or amaliyotlari bo‘yicha fermer qoʻllanmasi” taqdim etildi.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari janob Wim Riepma o‘z nutqida shunday dedi: "Go‘sht, baliq, sut va tuxum to‘yimli va muvozanatli oziq-ovqat ratsionini shakllantirishga hissa qo‘shadi va ularning ishlab chiqarilishi millionlab insonlarning turmush manbai hisoblanadi. Biroq, iqlim o‘zgarishi va hayvon oqsillariga bo‘lgan talabning ortishi sharoitida sohaning barqarorligini ta’minlash uchun resurslardan yanada samarali foydalanish, issiqxona gazlari va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning chiqindilarini kamaytirish, antimikrobik qarshilikka qarshi kurashish, yaylovlarning degradatsiyasini oldini olish, hayvonlarning farovonligiga e’tibor qaratish hamda ishlab chiqaruvchilar uchun adolatli daromadni ta’minlash zarur."
Forumda 100 dan ortiq ishtirokchilar va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar qatnashdi. Milliy va xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda ekologik jihatdan barqaror chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tadqiqot natijalari va amaliy tajribalari bilan bo‘lishdi. Forum chorvachilik sohasida muloqotni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga ekologik muammolarni hal etish masalasiga ham urg‘u qaratdi.
Tadbir "Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorida inklyuziv va iqlimga mos investitsiyalarni moliyalashtirish" (2021-2026) loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Fransiya Taraqqiyot Agentligi (Agence Française de Développement) tomonidan amalga oshirilmoqda.