This isn't an official website of the European Union

Erasmus+ xalqaro konferensiyasi: "O‘zbekistonda oliy ta’lim taraqqiyoti istiqbollari"

 

O‘zbekistonda Erasmus+ oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar milliy jamoasining an’anaviy yillik konferensiyasi Erasmus+ loyihalari natijalari hamda oliy ta’limdagi innovatsiyalarni ommalashtirish, eng yaxshi tajribalarni ulashish va targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

 

Bu yil Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Tempus (1994-2014) va Erasmus+ (2014-2024) dasturlari doirasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning 30 yilligiga bag‘ishlangan Erasmus+ xalqaro anjumani sifatida "O‘zbekistonda oliy ta’lim rivojlanishining istiqbollari" mavzusida Oliy ta’limni isloh qilish bo’yicha expertlar (HERE) konferensiyasi tashkil etilmoqda. Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan HEREs va Milliy Erasmus+ ofislari delegatsiyalari faxriy mehmonlar va ma’ruzachilar sifatida ishtirok etishadi.

Ushbu konferensiyada O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar Janobi Oliylarining tabrik so‘zlari bilan chiqishlari kutilmoqda.

Natijalardan biri sifatida Konferensiya bayonoti, shu jumladan, Oliy ta’lim hamjamiyatiga 2025-yil uchun HERE tavsiyalari to‘plami ishlab chiqiladi va Milliy Erasmus+ ofisi (NEO) veb-sahifasida e’lon qilinadi.

Konferensiya tajriba almashish, samarali metodikalar, yutuqlar, tendensiyalar va muammolar haqida fikr almashish orqali oliy ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, tadbir davomida oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar (HERE) ning 2024-yildagi faoliyatini umumlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Konferensiyada 3 ta parallel sessiya tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

"Erasmus+ doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusidagi sessiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining Erasmus+ milliy ofislari va HERE vakillari tomonidan o’zaro hamkorlikda tashkil etiladi.

Konferensiya doirasida HERE va bir qator akademik nashriyotlar vakillari ko‘magida "Ilmiy axborot va nashriyot faoliyatiga kirish" an’anaviy ilmiy-ma’rifiy forumi bo‘lib o‘tadi.

Shunigdek, an’anaviy Erasmus+ xalqaro kredit mobilligi tadbiri HERE va ICM loyihalari ishtirokchilari tomonidan tashkil etiladi. Bunda "Xalqaro kredit mobilligi: ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishdagi ahamiyati" mavzusidagi sessiya materiallari e’lon qilinadi va uni NEO veb-sahifasidan yuklab olish mumkin bo’ladi.

Konferensiya davomida Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar ilmiy-uslubiy jurnalining navbatdagi soni No16-2024 (2) "Oliy ta’lim taraqqiyoti istiqbollari" taqdim etiladi.

Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (OTFIV), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Milliy Erasmus+ ofisi (NEO), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU), Erasmus+ Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar milliy guruhi (HERE).

Manzil: “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti.

Ishtirokchilar: Universitet rahbariyati vakillari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistion Erasmus+ Milliy ofislari va hamda ularning HERE ekspertlari, Erasmus+ loyihasi koordinatorlari, Tempus loyihasi ishtirokchilari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar.

O’tkazilish formati: plenar sessiyada gibrid va tushdan keyin oflayn sessiyalarda o’tkaziladi va ZOOM platformasi orqali onlayn ulanish imkoniyati mavjud.

Konferensiyaning asosiy mavzulari:

  • Erasmus+ dasturi va uning O‘zbekistondagi loyihalari. Ilg‘or tajribalar, yutuqlar hamda muammolar; ilg‘or tajribalarni tahlil qilish, Erasmus+ Xalqaro kredit mobillik (International Credit Mobility: ICM) dasturi doirasida olingan bilim, tajribalarni almashish hamda o‘quv natijalari va ilmiy ishlanmalarni O‘zbekistonda joriy etish;
  • Oliy ta’limni raqamlashtirish. Masofaviy o‘qitishning innovatsion metod va vositalari hamda ilmiy-ta’limiy axborotdan foydalanish;
  • Oliy ta’limga innovatsiyalarni joriy etish, inklyuziv ta’lim va inklyuziv madaniyatni targ‘ib qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va O‘zbekistonning yetakchi universitetlari tajribasi;
  • Oliy ta’limni xalqarolashtirish. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvi, dual ta’lim dasturlarini yaratish, xalqaro mobillikni kengaytirish strategiyalari, jahon ilmiy muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik;
  • Universitetlar reytingi. Ilmiy tahlil, nashr faoliyati, ilmiy izlanishlar sifati, OTMlarning uchinchi missiyasi - OTMlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shgan hissasi va ularning reytinglarga ta’siri;
  • Boloniya jarayonini rivojlantirish. Oliy ta’limda innovatsion yondashuvlarga ta’siri; ikki tomonlama mobillikda Bolonya tamoyillarini ilgari surish va oliy ta’lim tizimini xalqarolashtirishni kuchaytirish.
  •  Kredit tizimi. O‘zbekiston OTMlarida kredit tizimining joriy etilishini baholash, moslashish, qiyinchiliklarini yengib o‘tish, ta’lim jarayonini modernizatsiyalashga ta’siri, xalqaro tizimlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha Yevropa standartlari bilan taqqoslash;
  • Yangi 2025 Erasmus+ tanlovi takliflari doirasidagi yangiliklar; mintaqaviy ustuvorliklar va Global Gateway ustuvorliklari
  • Erasmus+ doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash