This isn't an official website of the European Union

Birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti 2025-yil 3–4-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi

Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen 3–4-aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk sammitiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mezbonlik qiladi. Sammitda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etadi.

Mazkur sammit Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi geosiyosiy manfaatlarini namoyish etish uchun muhim imkoniyatdir. Geosiyosiy vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda, xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy urushi va Afg‘onistondagi voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yildan yilga strategik jihatdan yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

António Costa, President of the European Council

"Biz tartibsizlik va bo‘linish kuchaygan dunyoda yashayapmiz. Yevropa Ittifoqi uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – mustahkam hamkorliklar o‘rnatish orqali tinchlik va farovonlikni ta’minlashdir. Ko‘p qutbli dunyo sharoitida yanada faol va yo‘naltirilgan hamkorlik zarur. Birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti xalqaro huquqqa to‘liq hurmat qilgan holda, tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy niyatimizni tasdiqlaydi."

Antoniu Koshta, Yevropa Kengashi Prezidenti.

Sammit davomida Yevropa Ittifoqi o‘zaro manfaatli sohalarda, shu jumladan, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik – mintaqa ichida va Yevropa Ittifoqi bilan; stratejik xomashyo; iqtisodiyot va xavfsizlik masalalari; energetik o‘tish jarayonida hamkorlikni yanada kengaytirish majburiyatini tasdiqlaydi.

Ma'lumot uchun

So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi yuqori darajadagi munosabatlar faollashdi. 2022 yil oktabr oyida Qozog‘istonda va 2023 yil iyun oyida Qirg‘izistonda ikki marta yetakchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, bir qator vazirlik darajasidagi muhokamalar ham o‘tkazildi. Eng so‘nggisi 2023 yilda Lyuksemburgda bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini belgilab berdi. Ushbu yo‘l xaritasi mintaqalararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan aniq harakat yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi, jumladan, sammit o‘tkazish majburiyati ham bor. Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasidagi 20-vazirlar uchrashuvi 2025 yil 4 mart kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadi va ushbu sammitga tayyorgarlik muhokamasiga bag‘ishlanadi.

2019 yilda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyani qabul qildi. Bu strategiya mintaqaning Yevropa Ittifoqi manfaatlari uchun ortib borayotgan strategik ahamiyatini ta’kidlaydi hamda yillar davomida mintaqaviy hamkorlikda erishilgan ijobiy yutuqlarga asoslanadi. Yangilangan strategiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada mustahkam, zamonaviy va eksklyuziv bo‘lmagan hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan. Bu esa mintaqaning barqaror, bardoshli, farovon va bir-biri bilan yanada yaqin iqtisodiy va siyosiy makonga aylanishiga xizmat qiladi.

Yevropa Ittifoqi mintaqaning ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘lib, eng yirik investorga ham aylangan. Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning 40% dan ortig‘i Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimlari (EPCA) bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Hozirga kelib, bu bitimlar Turkmanistondan tashqari Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan kelishilgan.