Bir kichik qandolatchilik biznesining hikoyasi
Zoʻravonlikni oqlash mumkinmi? Ogʻir moliyaviy sharoitlar bilan oʻz qilmishini oqlayotgan eng yaqin deb hisoblanganlar tomonidan qasddan yetkazilgan shikastlarnichi? Bularni toʻxtatish yoʻli bormi?
Uy bekasi Shavkatova S. (ismi oʻzgartirilgan) turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam ravishda oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. Ba’zan esa u boshqa qarindoshlaridan ham zulm koʻrgan. Sabab doim birgina edi - oiladagi iqtisodiy qiyinchiliklar ... Ogʻir ahvolga tushgan ayol "Mehrjon" markaziga yoʻnaltirilgan. Markaz mutaxassislari unda oʻz joniga qasd qilishga moyillik holatini aniqlagan.
Psixologik va huquqiy yordam olgach, 2021 yilning mart oyida Shavkatova S. xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlashda ko‘maklashishga qaratilgan reintegratsiya dasturiga qo‘shildi. Boshidan o‘tganlarga qaramay qahramonimiz treninglarda faol ishtirok etib, ushbu dastur bo‘yicha kasbiy o‘quv kurslarida tahsil oldi va kichik biznesni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zining biznes rejasini ishlab chiqdi. Qandolatchilik korxonasini ochish biznes-rejasi muvaffaqiyatli tanlab olinib, Shavkatova S.ga zarur jihoz-uskunalar topshirildi.
Bugun o‘zimni mustaqil tadbirkor, barqaror daromadi bor ayol, farzandlariga o‘rnak bo‘lib, ularga yangi kasb-hunarlarni o‘rgata oladigan baxtli onadek his qilaman, – deydi Shavkatova S.
U to‘ng‘ich qizi bilan nafaqat Farg‘ona, balki qo‘shni Andijon viloyatidan ham turli tantanalar, to‘y-hashamlar uchun qandolat mahsulotlariga buyurtmalar oladi. Sevimli biznesi tufayli Shavkatova S. muvaffaqiyatli tadbirkorga aylandi, uning yo‘li mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritib kelinmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarning huquqlarini himoya qilish, ularning imkoniyatlari, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Yevropa Ittifoqi ACTEDning 2020 yil yanvaridan 2021 yil dekabrigacha Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida amalga oshirilgan “O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab quvvatlash, himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish uchun fuqarolik jamiyatini kuchaytirish” loyihasini moliyalashtirgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida qishloq va chekka mahallalarda yashab zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan 2500 nafar ayolga; Farg‘ona viloyatida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan 125 nafar ayolga ko‘mak ko‘rsatilib, ular reintegratsiya dasturiga jalb qilingan; shuningdek, 600 nafar qishloq qizlariga yordam berilgan.
Gender tengligiga erishishda ta’lim va malaka oshirish muhim o‘rin tutadi. 2023 yil Yevropa ko‘nikmalar yili deb e’lon qilingan. Shu bilan birga, qizlar va ayollarning ushbu ko‘nikmalarni o‘rganishi va egallashi uchun qulay sharoit yaratishda muhim shartlarining biri - zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga o‘rin yo‘qligidir.
#StopVAWG #EndGBV #EuropeanYearOfSkills